Янгиликлар
Turli ishxonalarda dekabr oyi uchun oyliklar ma’lum sabablarga ko‘ra kechikkani haqida ko‘p o‘qiyapmiz bu haqda rasmiylar ham o‘z munosabatlarini bildirdi. Biroq qonun talabi bo‘yicha bu uchun xodimlarga kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilishi lozim. Mehnat kodeksining 333-moddasiga asosan Ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart.
Xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan pulli kompensatsiyaning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining o‘n foizi miqdorida belgilanadi.
Mazkur pulli kompensatsiyani to‘lash majburiyati ish beruvchining oylik ish haqini yoki xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lashning kechiktirilishida aybi bor-yo‘qligidan qat’i nazar yuzaga keladi.
Mazkur kompensatsiyani to‘lamaslik ish beruvchiga javobgarlikni vujudga keltiradi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga asosan Mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi..
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
A.T.Zokirjonov
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktabrdagi 654-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra oila:
- 2022-yildan boshlab — oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi.
Yuqoridagi qoidaning mazmuniga ko‘ra oilangizning daromadi hozir har bir oila a’zosiga hisoblaganda 530 ming so‘mdan kam bo‘lsa, unda siz kam ta’minlangan deb topilishingiz mumkin. Shunda siz bolalar nafaqasi olishingiz mumkin.
Qarang! Mazkur nizomning 20-bandiga ko‘ra:
ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromad yuqorida belgilangan mezondan oshganda;
rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan;
haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lganda oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi tayinlash rad etiladi.
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.R.Xalilov
Qonunga xiloflik deganda aybdor shaxs tomonidan bunga hech qanday huquqi bo‘lmay turib, o‘zganing mol-mulkini tortib olish tushuniladi.
Mulk, ashyoning haqini to‘lamaslik (tekinga olish) talon-toroj qilingan mol-mulk evaziga muayyan ekvivalent bermasdan o‘zganing mol-mulkining tortib olinishini bildiradi.
Jinoyat kodeksida talon-torojning quyidagi shakllari nazarda tutilgan:
bosqinchilik (JK 164-modda);
☑️tovlamachilik (JK 165-modda);
☑️talonchilik (JK 166-modda);
☑️o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (JK 167-modda);
☑️firibgarlik (JK 168-modda);
☑️o‘g‘rilik (JK 169-modda).
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.R.Xalilov
Hukumat 20.09.2022-yil kungi 515-son qarori qabul qilindi va qaror bilan Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash hamda toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, byudjet tashkilotlaridan boshqa barcha yuridik shaxslarda 6 oy uzluksiz ishlayotgan ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqasini toʻlash tartibi belgilandi.
Nafaqa Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan farzand tugʻilgunigacha minimal isteʼmol xarajatlari (498 000 soʻm)ning 4 baravari (1 mln 992 ming soʻm) miqdorda beriladi.
Shunga koʻra, yuridik shaxslarning nafaqa toʻlash majburiyati Jamgʻarma hisobidan toʻlangan nafaqa miqdoriga kamaytiriladi
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi nafaqani tayinlash va toʻlash uchun asos boʻladi. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgandan 5 ish kunida maʼlumotlar masʼul tibbiyot xodimi tomonidan “Tibbiyot” axborot tizimiga kiritiladi va maʼlumotlar “Yagona reyestr” tizimiga yuboriladi.
“Yagona reyestr” tizimi tomonidan nafaqa tayinlash yoki rad etish haqida qaror qabul qilinib asoslantirilgan holda nafaqa oluvchining telefoniga SMS-xabar yuboriladi. Nafaqa oyning 10-sanasigacha nafaqa oluvchining plastik kartasiga oʻtkazib beriladi. Plastik karta boʻlmaganida esa oyning 27-sanasigacha naqd koʻrinishda beriladi..
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.K.Akramov
"Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–848-son, 16.06.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, quyidagi jismoniy shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega:
➖ kam ta’minlangan shaxslar, agar ular:
fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar;
ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar;
ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar;
jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek mahkumlar bo‘lsa;
➖ ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda;
➖ o‘z huquqlari buzilgan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar;
➖ Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi.
Advokatga Hukumat tomonidan belgilanadigan tartibda va miqdorlarda to‘lov amalga oshiriladi..
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.K.Akramov






