Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktabrdagi 654-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra oila:

  • 2022-yildan boshlab — oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi.

Yuqoridagi qoidaning mazmuniga ko‘ra oilangizning daromadi hozir har bir oila a’zosiga hisoblaganda 530 ming so‘mdan kam bo‘lsa, unda siz kam ta’minlangan deb topilishingiz mumkin. Shunda siz bolalar nafaqasi olishingiz mumkin.

Qarang! Mazkur nizomning 20-bandiga ko‘ra:

 ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromad yuqorida belgilangan mezondan oshganda;

 rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan;

 o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan;

 haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lganda oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi tayinlash rad etiladi.

Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

                                        J.R.Xalilov