Янгиликлар
Kosonsoy tumani “Tagijar” mahallasida 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlab tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida munosib hissa qoʻshgan, usta paxtakor va sport ustasi marhum Abdurahimxon Abdurahmonov xotirasining 33 yilligiga bagʻishlangan voleybol sport turi boʻyicha anʼanaviy viloyat ochiq birinchiligi boʻlib oʻtdi.
🏆 10-11-yanvar kunlari qizgʻin davom etgan oʻyin natijalariga koʻra:
🥇-oʻrin: Namangan shahri jamoasi;🥈-oʻrin: Yangiqoʻrgʻon tumanining “Moʻgʻol” jamoasi;🥉-oʻrin: Kosonsoy shahri jamoasi;🥉-oʻrin: Kosonsoy tumani 36-maktab jamoasiga nasib etdi.
Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar hamda nuroniylar tomonidan diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Kosonsoy tumani hokimligi Axborot xizmati.
14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni hamda Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganligining 33 yilligi munosabati bilan Kosonsoy tumanida ham turli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Kosonsoy tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga qarashli 16-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida ushbu sanaga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Bolajonlar ijrosidagi turli xil koʻngilochar dasturlar va kuy-qoʻshiqlar barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbirda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Kosonsoy tumani boʻlinmasi rahbari D.Isaqov, Yoshlar ishlari Kosonsoy tumani boʻlimi rahbari S.Sattorov, maktabgacha va maktab taʼlim boʻlimi vakillari hamda tuman madaniyat boʻlimi xodimlari ishtirok etdilar.
Maʼlumki is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, korxona sharoitida eng koʻp uchraydigan zaharli birikma boʻlib, tabiiy gaz, yoqilgʻi, koʻmir, oʻtin choʻgʻlari toʻliq yonmasligi oqibatida vujudga keladi. Tutun tarkibida 3 %, ishlangan gazda 13 %, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60% gacha is gazi boʻladi.
Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda, avtoulovlar turar parklarda, yangi boʻyalgan va shamollatilmagan xonalarda, shuningdek uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan istiladigan uylar, hammomlarda, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning toʻliq yonmasligi natijasida zaharlanib qolish mumkin.
Is gazi organizmga nafas aʼzolari orqali taʼsir etadi. Ushbu gaz gemoglabin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma – karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning toʻqimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, ogʻir xolatlarda esa – anoksiya va oʻlim xolatiga olib kelishi mumkin.Xona havosidagi is gazining atigi 0,1% konsentratsiyasi inson organizmi uchun oʻlim darajasida xavfli hisoblanadi.
Tabiiy gazning xonada toʻplanishi oqibatida portlovchi gaz-havo aralashmasi hosil boʻlib, ochiq olov yoki uchqundan chaqnashi va portlashi natijasida inson turli tan jarohatlari olishi yoki halok boʻlishi mumkin.
Aholi orasida is gazidan zaharlanish holatlari, gaz tarmoqlaridagi avariyalar hamda ularning oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar soni tez-tez kuzatilmoqda.
Aksariyat hollarda is gazidan zaharlanish va gazdan chaqnashlar tabiiy gaz va muqobil yoqilgʻi turlarida ishlovchi isitish pechlari va boshqa jihozlardan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik, nostandart (qoʻlbola yasalgan) va chet elda ishlab chiqarilgan sertifikatga ega boʻlmagan isitish uskunalari, gaz soʻrish nasoslaridan foydalanish oqibatida yuzaga kelayotgani aniqlanmoqda.
Aʼzamjon Ahmatjonov,Kosonsoy tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi podpolkovnik
Mamlakatimizda aholining tinch va farovon turmush kechirishi, har bir mahalla va oilada ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, ularning barkamol avlodni tarbiyalashda oʻrni va rolini oshirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan hisoblanadi.
Shu maqsadda Kosonsoy tumani hokimligida tuman hokimi oʻrinbosari N. Ahmedova, Diniy qoʻmitaning tuman boʻyicha bosh mutaxassisi Sh.Boyboboyev, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlinmasi rahbari D.Isaqov hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida “Xotin-qizlar oʻrtasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oldini olish” boʻyicha davra suhbati oʻtkazildi.
Mazkur tadbirda tumanda xotin-qizlar oʻrtasida diniy vaziyatni sogʻlomlashtirish, mutaassib gʻoyalar tarqalishining oldini olish, ayollar jinoyatchiligi, oilaviy ajrimlar tahlil qilinib, xotin-qizlar bilan bogʻliq salbiy holatlarni oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Tadbirda mahallalardagi xotin-qizlar faollari, tashkilot va korxonlar, taʼlim muassasalaridagi boshlangʻich tashkilot rahbarlari ishtirok etdilar.
Kosonsoy tumani hokimligi majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 801-sonli qaror ijrosi boʻyicha oʻquv seminari boʻlib oʻtdi.
Oʻquv seminarida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Xuquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Nodirbek Omonov, tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Elmurod Toshpoʻlatovlar ushbu qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirib, mahalla yettiligi oldida masʼuliyatli vazifalar jamlangani, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini mustahkam joriy etish orqali aholining tinch va farovon hayot kechirishi taʼminlanishini aytib oʻtdilar.
Shuningdek, mazkur seminarda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ish tashkil etish, jinoyatchilikka oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatayotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish, yoshlar va ayollar bandligini taʼminlash hamda boshqa masalalar boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.
Seminar yakunida oʻz mahallasida jinoyatchilikni oldini olishda faol boʻlgan “mahalla yetiligi” vakillari tuman hokimining tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.









