Maʼlumki is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, korxona sharoitida eng koʻp uchraydigan zaharli birikma boʻlib, tabiiy gaz, yoqilgʻi, koʻmir, oʻtin choʻgʻlari toʻliq yonmasligi oqibatida vujudga keladi. Tutun tarkibida 3 %, ishlangan gazda 13 %, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60% gacha is gazi boʻladi.
Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda, avtoulovlar turar parklarda, yangi boʻyalgan va shamollatilmagan xonalarda, shuningdek uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan istiladigan uylar, hammomlarda, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning toʻliq yonmasligi natijasida zaharlanib qolish mumkin.
Is gazi organizmga nafas aʼzolari orqali taʼsir etadi. Ushbu gaz gemoglabin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma – karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning toʻqimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, ogʻir xolatlarda esa – anoksiya va oʻlim xolatiga olib kelishi mumkin.Xona havosidagi is gazining atigi 0,1% konsentratsiyasi inson organizmi uchun oʻlim darajasida xavfli hisoblanadi.
Tabiiy gazning xonada toʻplanishi oqibatida portlovchi gaz-havo aralashmasi hosil boʻlib, ochiq olov yoki uchqundan chaqnashi va portlashi natijasida inson turli tan jarohatlari olishi yoki halok boʻlishi mumkin.
Aholi orasida is gazidan zaharlanish holatlari, gaz tarmoqlaridagi avariyalar hamda ularning oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar soni tez-tez kuzatilmoqda.
Aksariyat hollarda is gazidan zaharlanish va gazdan chaqnashlar tabiiy gaz va muqobil yoqilgʻi turlarida ishlovchi isitish pechlari va boshqa jihozlardan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik, nostandart (qoʻlbola yasalgan) va chet elda ishlab chiqarilgan sertifikatga ega boʻlmagan isitish uskunalari, gaz soʻrish nasoslaridan foydalanish oqibatida yuzaga kelayotgani aniqlanmoqda.
Aʼzamjon Ahmatjonov,Kosonsoy tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi podpolkovnik






