So’ngi yillarda Yuridik ta’lim sohasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi VMning 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli “O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to’g’risida” gi qarorining qabul qilinishi ham bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Qarorga ko’ra TDYU bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga sirtqi ta’lim shakli hamda ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabulni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshirish. Respublikadagi oliy ta’lim tashkilotlarining buyurtmalariga ko‘ra TDYU magistraturasida bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni maqsadli tayyorlash uchun kirish sinovlarisiz magistraturaga qabul parametrlaridan tashqari to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish, shuningdek, ushbu tashkilotlarga ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish huquqini berish.
Hududiy adliya organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlari bitiruvchilariga yo‘llanmalar berish, abituriyentlarni “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlashni amalga oshiruvchi davlat oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatiga test sinovlarisiz yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali bakalavrlarni tayyorlashning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha o‘qishga qabul qilish hamda o‘qish tugagandan so‘ng oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriati bitiruvchilarining taqsimotga muvofiq uzluksiz ishlab berishini amalga oshirish tartibi belgilandi.
Yuridik texnikumlardagi ta’lim shaklidan qat’i nazar, oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi, sirtqi va kechki (smenali) ta’lim shakllariga abituriyentlarni qabul qilish qabul parametrlaridan tashqari to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi, Bunda, har bir oliy ta’lim tashkiloti bo‘yicha o‘rinlar soni yuridik texnikumlar bitiruvchilariga beriladigan yo‘llanmalar taqsimotiga mos ravishda belgilanadi. Oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish belgilangan tartibda o‘tkaziladigan yakka tartibdagi suhbat natijalariga ko‘ra oliy ta’lim tashkilotlari rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi suhbatda quyidagilar aniqlanadi:
-mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;
-ixtisoslikni tanlashda motivatsiya;
-shaxsiy-kasbiy xususiyatlar;
-yurisprudensiya sohasidagi bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi.
Hududiy Adliya organlari tomonidan yuridik texnikumlar bitiruvchilariga quydagi tartibda yo’llanma berish tartibi belgilandi.
-Maxsus komissiya har yili, qoida tariqasida, tegishli o‘quv yilining 10-iyunidan kechikmay 7 nafar kishidan iborat tarkibda tuziladi. Maxsus komissiya tarkibiga adliya organlari va muassasalari xodimlari kiritiladi.
-Maxsus komissiya o‘z faoliyatini kollegiallik, oshkoralik, xolislik va betaraflik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
-Hududiy adliya organlari boshliqlari lavozimi bo‘yicha maxsus komissiyaning raisi hisoblanadi.
-Maxsus komissiyaga komissiyaning boshqa a’zolari faoliyatini o‘zaro umumiy muvofiqlashtiruvchi rais boshchilik qiladi. Maxsus komissiya faoliyatini tashkiliy ta’minlash uning kotibiga yuklanadi.
Yuridik texnikumlar bitiruvchilari har yili 20-iyundan kechikmay maxsus komissiyaga yo‘llanma berishni so‘rab onlayn platforma orqali ariza bilan murojaat qiladi.
Maxsus komissiya faqat komissiya tashkil etilgan tegishli o‘quv yili bitiruvchilarining arizalarini ko‘rib chiqadi.
Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar maxsus onlayn platformaga har bir o‘quvchi va texnikumning mas’ul xodimlari tomonidan butun o‘qish davrida yuklab boriladi hamda o‘quvchining portfoliosi shakllantiriladi. Onlayn platformada mavjud bo‘lmagan hujjatlarni arizaga ilova qilish man etiladi.
Yo‘llanma berish masalasi ko‘rib chiqilayotganda, maxsus komissiya quyidagi asosiy minimal talablarni hisobga oladi:
- a) o‘quvchi kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiganda:
yuridik texnikum bitiruvchisining har bir fan bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi reyting natijalari bo‘yicha 71 va undan ortiq foizni tashkil qilishi kerak;
bitiruvchining chet tilini B2 va undan yuqori darajada bilishini tasdiqlovchi amaldagi davlat malaka sertifikatiga yoki xalqaro sertifikatga ega ekanligi;
yuridik texnikum bitiruvchisining ma’naviy-ma’rifiy va jamoat ishlari, loyihalar va tanlovlarda faol ishtirok etishi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi (tegishli tashkilotning birinchi rahbari, birinchi navbatda yuridik texnikum direktori tomonidan tasdiqlangan hujjatlar asosida);
yuridik texnikum bitiruvchisining yuridik texnikumda o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalarga, odob-axloq qoidalariga rioya etishi va namunali xulq-atvorga egaligi;
- b) o‘quvchi sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakllarida o‘qiganda:
yuridik texnikum bitiruvchisining umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichi reyting natijalari bo‘yicha 85 va undan ortiq foizni tashkil qilishi kerak;
bitiruvchining chet tilini B2 va undan yuqori darajada bilishini tasdiqlovchi amaldagi davlat malaka sertifikatiga yoki xalqaro sertifikatga ega ekanligi;
yuridik texnikum bitiruvchisining yuridik texnikumda o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalarga, odob-axloq qoidalariga rioya etishi va namunali xulq-atvorga egaligi.
Mazkur bandda ko‘rsatilgan asosiy minimal talablarga tegishli masalalarni ko‘rib chiqishda bitiruvchining yuridik texnikumdagi butun o‘qish davri hisobga olinadi.
Ushbu asosiy minimal talablarga javob bermagan bitiruvchilar tanlovda ishtirok etmaydi.
N.Kamolova,
Kosonsoy tuman Yuridik xizmat ko’rsatish markazi rahbari






