Oila kodeksining 62-moddasiga asosan o‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onadan bola tug‘ilgan taqdirda, ota-onaning birgalikdagi arizasi yoki bola otasining arizasi bo‘lmasa sud tartibida belgilanadi.
Bunda otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tug‘ilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy ro‘zg‘or yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoxud ta’minlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni e’tiborga oladi.
Shunga ko‘ra siz ham bu holatda farzandingizga otalikni belgilatish kerak bo‘ladi.
Aliment masalasiga kelsak, ma’lumki, Oila kodeksi 96-moddasiga muvofiq har bir ota-ona farzandi uchun aliment to‘lashga majbur hisoblanadi. Bu va bundan keyingi normalarda alimentning voyaga yetmagan farzand uchun (ayrim holatlarda voyaga yetganlari uchun ham) belgilangan.
Bunda qonun chiqaruvchi er-xotinning qonuniy yoki shar’iy nikohdaligi emas, balki bolaning shu ota-onadan tug‘ilganligini faktini asos qilib oladi.
Soddaroq aytganda bir uyda qonuniy yoki shar’iy nikoh asosida yashab turib ham aliment undirish mumkin. Bunda eng asosiysi bola aliment undirish so‘ralgan ota yoki onadan tug‘ilganligini tasdiqlovchi dalillar (tug‘ilganlik haqidagi guvohnomadagi ota-ona haqidagi yozuvlar yoki sudning qarori) bo‘lishi kifoya.
Yuqoridagi kodeks 136-moddasiga muvofiq aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, siz fuqarolik sudiga otalikni belgilash va aliment undirish haqida da’vo arizasi bilan murojaat qilishingiz lozim.
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.K.Akramov






