O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 36-moddasiga asosan ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, davom etayotgan huquqbuzarliklar uchun esa, huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin.

      Mazkur kodeksning 271-moddasi 7-bandiga binoan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish paytiga kelib ushbu Kodeksning 36-moddasida nazarda tutilgan muddatlar o‘tib ketgan bo‘lsa ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim.

      Sizda ma’muriy jazo o‘sha payt qo‘llangan bo‘lsa ya’ni o‘sha payt jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilingan bo‘lsa bunda uch oy ichida qaror kelsagina to‘lashingiz kerak.

      "Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida"gi YO‘RIQNOMAning 69-bandiga asosan agar ma’muriy jazo qo‘llanish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab uch oy mobaynida ijroga qaratilmagan bo‘lsa (qaror nusxasi huquqbuzarga topshirilmagan, huquqbuzarning ishlash, yashash joyiga yoki davlat ijrochisiga yuborilmagan bo‘lsa va h. k.), u holda bunday qaror ijro etilmaydi. Ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va aybdor mansabdor shaxsga nisbatan tegishli intizomiy chora ko‘rilib, u haqidagi ma’lumot ma’muriy ish hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi.

      Agar o‘sha payt bayonnoma tuzib oradan bir yil o‘tib qaror chiqargan bo‘lsa jarima to‘lamaysiz.

Namangan viloyati Adliya boshqarmasi Kosonsoy tuman Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

                                               J.K.Akramov