O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi ning 732-moddasida qarz shartnomasining tushunchasi quyidagicha ifodalangan: “Qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi”.
Qarz oluvchining pul va turga xos alomatlari bilan belgilanadigan boshqa ashyolardan foydalanishi faqatgina ularni iste’mol qilish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin. Shu sababli, qarz oluvchiga qarz ob’ektidan foydalanish muddati tugagandan so‘ng aynan shu pul yoki ashyoni qaytarish majburiyati yuklanishi mumkin emas. Qarz shartnomasining konstruksiyasiga yaqin bo‘lgan ba’zi shartnomalar (tekin foydalanish, mol-mulkni ishonchli boshqarish)da esa shartnoma ob’ekti foydalanish jarayonida o‘zining xususiyatlarini yo‘qotmaydigan individual – belgilangan ashyolar bo‘lganligi sababli aynan olingan ashyoning o‘zi qaytarilishi talab qilinadi.
Qarz shartnomasi shartiga ko‘ra, qiymatga ega olingan narsa shartnomada ko‘rsatilgan vaqtda qaytarilishi lozim. Bordi-yu, qaytarish muddati shartnomada ko‘rsatilmagan bo‘lsa, qarz qarzni beruvchi talab qilgan vaqtda qaytarilishi kerak.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugun qarz bilan kredit bitta shartnoma deb o‘ylaydiganlar ham uchramoqda. Aslida esa unday emas. Ularning farqli jihatlari mavjud.
Kredit bu — bank yoki boshqa kredit tashkiloti tomonidan jismoniy va yuridik shaxsga ma’lum kelishilgan shartlar bo‘yicha aniq muddatga beriladigan mablag‘dir. Ya’ni olingan kreditni o‘rnatilgan grafik bo‘yicha qaytarish va unga to‘lanadigan foizlarni to‘lash majburiyatini siz o‘z zimmangizga olasiz.
Qarz esa birinchi tomon ya’ni qarz beruvchi qarz oluvchiga pul va boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarzni bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib qaytaradi. Qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi
Косонсой тумани юридик хизмат
курсатиш маркази рахбари Ф.Ғофуров






