Aybsizlik prezumpiyasi (lotincha: praesumptio – taxmin, gumon soʻzidan olingan) – shaxs huquqlari himoyasini taʼminlab beruvchi, asossiz ayblash va jazolashning oldini oluvchi jinoyat protsessining umumiy demokratik tamoyillaridan biri hisoblanadi. Baʼzan lotincha Ei incumbit probatio qui dicit, non qui negat (isbotni rad etuvchi emas, balki taʼkidlovchi berishi kerak) iborasi bilan ifodalanadi.
Aybsizlik prezumpsiyasi – aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, uni aybsiz deb faraz qilish. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas yoki oʻzini aybdor deb koʻrsatish ham qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlanmaguncha uni aybdor deb boʻlmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi JPKling 23-moddasida koʻrsatilishicha, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qoʻllanilayotganda ke-lib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.
Aybsizlik prezumpiyasining asosida umumiy, keng eʼtirof etilgan axloq normasi yotadi, unga muvofiq har bir kishi aybdorligi isbotlanmaguncha aybsiz deb gumon qilinishi lozim.
|
Aybsizlik prezumpsiyasi |
Aybdorlik prezumpsiyasi |
|
Inson aybi isbotlanmaguncha aybdor emas! |
Inson aybdor, aksi isbotlanmaguncha. |
Aybsizlik prezumpiyasi sudya, tergovchi yoki prokurorning shaxsiy fikrini bildirmaydi, xolis huquqiy xolatni anglatadi. Tergov organlari shaxsga ayb qoʻyish bilan uni ayblanuvchi deb hisoblaydilar, lekin xali uning aybdorligini isbotlash lozim. Qonunga muvofiq, shaxsning aybdoligini belgilash ayblanuvchining qonuniy huquq va manfaatlari va ayblov dalillarining tekshirilishi samarali darajada kafolatlanadigan sud bosqichida ishni koʻrib chiqish orqali amalga oshirilishi kerak. Ayblanuvchi ayblov hukmining eʼlon qilinishi va uning qonuniy kuchga kiradigan vaqtgacha aybsiz hisoblanadi. Aybsizlik prezumpiyasi isbotlanishi mumkin boʻlmagan barcha gumonlar ayblanuvchining foydasiga xal boʻlishi kerak, yaʼni birovning jinoyat qilganlikda aybdorligi isbotlanmasligi uning aybsizligi isbotlanganligiga tengdir.
Aybsizlik prezumpsiyasi jinoyat huquqining muhim prinsiplaridan biri hisoblanadi. Unga koʻra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Mazkur prinsipning yana bir muhim xususiyati shundaki, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas.
Aybsizlik prezumpsiyasi xalqaro huquq normalarida hamda milliy qonunchiligimizda oʻz aksini topgan. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasida uning har bir shaxsga berilgan daxlsiz huquq ekanligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan: „Jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson himoya uchun barcha imkoniyatlar taʼminlangan holda, ochiq sud majlisi yoʻli bilan uning aybi qonuniy tartibda aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishga haqlidir“. Shuningdek, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi Xalqaro Paktda hamda Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Yevropa Konvensiyasida ham mazkur prinsipning alohida qoida sifatida belgilangan.
Namangan viloyati Adliya boshqarmasi
Kosonsoy tuman Adliya bo'limi
Yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti
J.R.Xalilov






