SAYLOV-2019: SAVOL VA JAVOBLAR

05.09.2019

SAYLOV-2019: SAVOL VA JAVOBLAR

Savol: Uchastka saylov komissiyalarining vakolatlari nimalardan iborat?

Akramov, Kosonsoy shahri.

Javob: Uchastka saylov komissiyasi: uchastka bo’yicha  saylovchilarning ro’yxatini tuzadi, saylovchilarni saylovchilar ro’yxati bilan tanishtiradi, ro’yxatdagi noaniqliklar haqidagi arizalarni qabul qiladi va ko’rib chiqadi hamda tegishli o’zgartishlar kiritish masalasini hal qiladi, saylov kuni o’z yashash joyida bo’lish va ovoz berishda qatnashish imkoniyati bo’lmagan saylovchilardan saylov konvertlarini qabul qiladi, saylov o’tkaziladigan kun va ovoz beradigan joy haqida aholini xabardor qiladi, ovoz beriladigan binolar va saylov qutilari tayyorlab qo’yilishini ta’minlaydi, saylov kuni saylov uchast-kasida ovoz berilishini tashkil etadi, saylov uchastkasida berilgan ovozlarni hisoblab chiqadi, saylovga tayyorgarlik ko’rib va ovoz berishni uyushtirish masalalariga doir ariza va shikoyatlarni ko’rib chiqib, ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, ushbu Qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi (18-modda).

Savol: Fuqarolarning saylovchilar ro’yxatiga kiritish tartibi qanday?

A.Azimov,

 «Bahoriston» MFY.

Javob: Bu O’zbekiston Respublikasining «O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylov to’g’risida»gi Qonunining 21-moddasida belgilab qo’yilgan

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to’lgan, ro’yxat tuzilayotgan vaqtda muayyan saylov uchastkasi hududida doimiy istiqomat qilgan O’zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari saylovchilar ro’yxatiga kiritiladi.

Saylovchi boshqa saylov uchast-kalarida saylovchilar ro’yxatiga kiritilishi mumkin emas.

Savol: Fuqaro saylovchilar ro’yxatidagi noaniqliklar xususida shikoyat qilish huquqiga egami?

K. Rahimova, Char MFY,

Javob: Qonunning 23 - moddasiga ko’ra, saylovchilarning ro’yxatlari saylovdan o’n besh kun oldin, O’zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, sanatoriy va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa doimiy ishlaydigan davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo’lgan joylarda tuzilgan saylov uchastkalarida esa saylovdan ikki kun oldin hammaning tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi. Uchastka saylov komissiyasi ro’yxat bilan qaerda va qachon tanishish mumkinligi haqida saylovchilarga xabar beradi.

Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasining binosida saylovchilar ro’yxati bilan tanishish va uning to’g’ri tuzilganligini tekshirish imkoniyati ta’minlanadi.

Har bir fuqaroga ro’yxatdan chiqarilganlik yuzasidan, shuningdek ro’yxatda saylovchi to’g’risidagi ma’lumotlarni ko’rsatishda noaniqlikka yo’l qo’yilganlik xususida shikoyat qilish huquqi beriladi. Bu masalaga doir ariza uchastka saylov komissiyasi tomonidan ko’rib chiqiladi, arizani uchastka saylov komissiyasi kechi bilan ikki kunlik muddat ichida, saylov arafasida va saylov kuni esa darhol ko’rib chiqib, ro’yxatga zarur tuzatishlar kiritishi yoki arizachiga uning talabi inobatga olinmaganligi to’g’risidagi asoslantirilgan qarorning bir nusxasini berishi shart. Komissiya qarori ustidan tuman (shahar) sudiga saylovdan kechi bilan uch kun oldin shikoyat qilinishi mumkin, tuman (shahar) sudi shikoyatni ikki kunlik muddat ichida ko’rib chiqishga majbur. Tuman (shahar) sudining qarori qat’iydir. Uchastka saylov komissiyasi sudning qaroriga muvofiq saylovchilarning ro’yxatiga darhol tuzatish kiritadi.

Savol: Qonunda saylovoldi tashviqot muddati belgilanganmi?

Javob: Ha, Qonunning 28-moddasi «Saylovoldi tashviqoti» deb nomlangan.

Saylovoldi tashviqoti O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro’yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga, siyosiy partiyalarga O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga saylovchilar bilan yig’ilishlarda hamda saylovchilar uchun qulay bo’lgan boshqa shaklda uchrashuvlar o’tkazishda teng huquq beriladi. Yig’ilishlar va uchrashuvlar o’tkaziladigan vaqt hamda joy haqida saylovchilarga barvaqt xabar qilinadi.

Davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalarning, muassasalarning, tashkilotlarning rahbarlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari O’zbekiston Respublikasi Prezi-dentligiga nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o’tkazishni tashkil etishda, zarur ma’lumot va axborot materiallari olishda yordam ko’rsatishlari shart.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga o’zining kelgusi faoliyat dasturi bilan chiqish huquqi beriladi.

Tashviqotning saylovchilarga bepul yoki imtiyoz shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko’rsatish (axborot xizmatlari bundan mustasno), shuningdek pul mablag’lari to’lash bilan qo’shib olib borilishi taqiqlanadi.

Saylov kuni tashviqot yuritishga yo’l qo’yilmaydi.

 

 

 
© 2014, Namangan viloyat Kosonsoy tuman hokimligining rasmiy axborot portali. Sayt materiallaridan foydalanilganda www.kosonsoy.uz manbasi ko'rsatilishi shart.
Sayt Namangan viloyati hokimligining Kompyuterlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.