Tuman tarixi

Chop kilish
Makola chop etilgan sana

        

KOSONSOYNING 2000 YILLIK  ILMIY ASOSI

Farg’ona vodiysining daryo va soy havzalarida sun’iy sug’orib dehqonchilik qilishni ilk bochqichlari milodiy eradan avvalgi II minginchi yillarni o’rtalaridan boshlanganli tarihdan ma’lum.         

Jumladan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Yahyo G’ulomov nomli arxeologiya institutining Axsikent ekspeditsiyasi olib borgan tadqiqotlari natijasida shu narsa ma’lum bo’ldiki, Kosonsoy havzasidagi eng qulay yerlar bu davrda o’zlashtirilib, dehqonchilik qilingan ekan. Ma’lum bo’lishicha Kosonsoy havzasining o’rta va quyi oqimlarida miloddan avvalgi X-IX asrlardan boshlab, sun’iy sug’orib, dehqonchilik qilish intensiv yo’lga qo’yilib, bir necha gektar yerlar o’zlashtirilgan va dehqonlar yashaydigan qarorgohlar paydo bo’lgan. Keyinchalik, miloddan oldingi III asrga kelib shunday dehqon qarorgohlari asosida Kosonsoy havzasining quyi qismida poytaxt shahar Axsikent paydo bo’ladi.

Miloddan avvalgi I asrda Kosonsoyni chap sohilida hozirgi Mug’tepa yodgorligi o’rnida qadimgi Koson shahriga asos solinadi. Arxeologik tadqiqotlarga qaraganda Koson shahri Kosonsoyni chap sohilidagi tabiiy tepalik ustida, strategik jihatdan eng qulay joyda qurilgan bo’lib, qadimgi Farg’ona podsholarining yozgi qarorgohi sifatida uzoq yillar tarix sahifasida qoladi.

Milodiy eraning VI asrdan boshlab to arablar istilosigacha Kosonda Turk xoqonligining ishonchli davlat vakillar o’tirgan. SHaharning arki-a’losi va salobatli mudofa devorlarining qoldiklar shu kunlarda ham qad ko’tarib turibdi. Tadqiqotlar davomida oz bo’lsa-da shahar hunarmandlari yasagan har xil sopol idishlar topilgan. Idishlar o’zining yasalish texnikasi va texnologiyasi jihatidan yuqori sifatli bo’lib, ularni shahar hunarmandlari yasaganligi ko’rinib turibdi.

IX-XI asrlarga kelganda qadimgi Koson shahri o’zining avvalgi siyosiy mavqeni yo’qotadi, ya’ni manbalarda u poytaxt shaharlar qatorida tilga olinmaydi. Lekin, u Kosonsoy vohasining iqtisodiy va madaniy markazi sifatida hozirgi Kosonsoy markazi o’rniga ko’chadi. XII asrda esa Koson ko’p pog’onali Qoraxoniylar saltanatining poytaxt  shaharlaridan biriga aylanadi.

Bu yerda Qoraxoniylar davlatining hazinaxonalaridan biri joylashgan bo’lib, tanga pullar zarb qilingan. Temur va temuriylar hamda so’ngi o’rta asrlarda ham Koson-Kosonsoy shahri shimoliy Farg’onaning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy markazlaridan biri bo’lib qoladi. XV-XVI asrlarda yashab ijod etgan mashhur olim, tasavvuf ta’limotining yirik nomoyandasi Mahdumi A’zam ham Koson diyorida tavallud topib kamolga yetgan.

Hozirgi kunda Mug’tepa (Mug’ qal’a) arxeologiya yodgorligidan tashqari Kosonsoy shaxrida SHayx Sulton Jaloliddin Samoniy maqbarasi (X-XI asrlar) me’moriy - arxeologik qoldiqlari, G’o’zapoya masjidi (XV-XVI asrlar), jome’ masjidi, sharqona yer osti hammomi (XVII asr) va XVIII asrda bunyod etilgan Yusufxon eshon maqbaralari kabi madaniy meros obidalari mavjud. Ular ilmiy jixatdan o’rganish, ta’mirlab tiklash, obodonlashtirishga muhtoj.

Melodiy eradan avvalgi I asrda Kosonsoy havzasining qadimgi dexqonchilik va shaharsozlik an’analari negizida paydo bo’lgan Koson - Kosonsoy Farg’ona vodiysining shimoliy -sharqida joylashgan xalq amaliy san’ati, me’morchiligi, hunarmandchiligiga ega madaniyat maskani va Buyuk ipak yo’lidagi qadimiy shahar sifatida o’zbek xalqi tarixida munosib o’rin egallagan, uning 2000 yilligini isbotlovchi ilmiy dalil va ashyolar mavjud.

Maxdumi A’zam  Kosoniyning hayoti va ijodi haqida

 
© 2014, Namangan viloyat Kosonsoy tuman hokimligining rasmiy axborot portali. Sayt materiallaridan foydalanilganda www.kosonsoy.uz manbasi ko'rsatilishi shart.
Sayt Namangan viloyati hokimligining Kompyuterlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.